Eski nomi kesh erur, tutgan jahonni shuhrati,
Ahli fazlu ahli donishga makondir Shahrisabz.
Bedili koni ma’oniy naslidur, bu shahri din,
Ham murabbiyyi Temur Sohibqirondur Shahrisabz.
(Ismoilxon Faqiriy-Shahrisabziy)
Alisher Ro’ziqulov
Qudratli davlat, buyuk ijtimoiy- iqtisodiy islohotlar haqiqiy ma’naviyat zaminida vujudga keladi. Tarixiy, madaniy-ma’naviy qadriyatlar, boy merosimizni o’zlashtirish asosida mustaqillik mafkurasining shakllanish jarayonida ham ko’zga tashlanib bormoqda. Insonlar bo’ladiki, millatining, davlatining taqdirida mislsiz o’rin tutadi, dahosi, zakosi, salohiyati bilan jahonshumul ahamiyat kasb etadi. Fotixlik va vatanparvarlik, ilm va san’at, botirlik va shijoat, muborizlik- paxlavonlik bilan ham dunyoga taniladigan, tarixlardan mangu joy oladigan, buyuklik kasb etgan kishilar bo’ladi. XIV asrning ikkinchi yarmida Kesh farzandi Sohibqiron Amir Temur Movarounnahrning siyosiy tarixi sahnasiga kirib keldi. Keshning dovrug’ini butun dunyoga yoyishda, uni go’zal gushalaridan biriga aylantirishda, vatanimiz obodonchiligi va madaniyatining ulkan miqyoslar bilan rivojlanishida Amir Temurning xizmatlari beqiyos bo’ldi. Bu davrda Shahrisabzda misli ko’rilmagan ijobiy o’zgarishlar bo’lib o’tdi.[1] Shahrisabz buyuk sarkarda va davlat arbobi, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur bobomiz kamolga yetgan mo’tabar maskan sifatida ham dunyoga ma’lum va mashhurdir. Shahrisabz shahar Amir Temur nomli moddiy madaniyat tarixi muzeyi 1996- yildan boshlab Chubin madrasasida faoliyat ko’rsatgan. 2019 yil 30 may O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 443 sonli qarori asosida “Shahrisabz” davlat muzey- qo’riqxonasi faoliyatini olib bormoqda. Hozirda muzey- qo’riqxona tarkibiga 23 ta tarixiy obidalar kiradi. Dorus- saodat memorchilik majmuasi 2001 yilda YUNESKOning “Umuminsoniyat merosi” kitobi ro’yhatiga kiritilgan. Ushbu majmua tarkibiga 3 ta tarixiy me’morchilik inshootlari joylashgan. Amir Temurning farzandlari Jahongir mirzo, Umarshayx mirzo hamda ko’plab barlos urug’iga mansub amirlar, buyuk sohibqiron Amir Temurning o’zi uchun qurdirgan dahmasi hamda Hazrati Imom jome masjidi kiradi. Ikki bo’lmali dahma 1380 yilda Amir Temur tomonidan qurdirilgan.[2]
Amir Temur xilxonasi Hazrati Imom me’moray majmuasining saqlanib qolgan peshtoqidan taxmiman 35 m sharqda joylashgan. Me’moriy inshoot nodir yodgorliklar jumlasiga kiradi. Musulmon Sharqida bunday me’moriy inshoot boshqa uchramaydi. Xilxona tarxi chuqur ravoqli tokchalar mavjudligi sabab xoch shakliga ega. Ohaktoshdan bunyod etilgan. Uning oʼlchami chuqurligi 1.5 metrli tokchalarni ham hisobga olganda 6.4x6.1 metr. Sagʼana markazida toʼgʼri toʼrtburchak tosh tobut 2.5x 1.4 x 0.73 metr hajmda joylashtirilgan. Uning ustiga qalinligi 11 sm li o’lkan tosh qopqoq qoʼyilgan. Qopqoqning tashqi qirrasi boʼylab arab yozuvida matn berilgan. U gʼarbiy tomondan boshlanib shunday mazmundagi soʼzlar bitilgan: “Yo Olloh, meni, otam va onamni, barcha moʼminlar va moʼminalarni, muslim va muslimalarni, tiriklar va oʼliklarimizni magʼfirat qilgin, bizlarni oramizdagi ezgu ishlarni bardavom qilgil, sen chindan xam oʼtinchlarni ijobat qilguvchisan, marhamatli, hojatbaror, azoblardan xalos qilguvchi, ezgu ishlar sohibi boʼlgan zotsan. U marhamatli va qudratli zotdir”.[3] Shuningdek sagʼana atrofidagi devor boʼylab suls xatida qurʼondan oyatlar bitilgan. Panellarning bir qismi va medalonlar epigrafik yozuvlar bilan bezatilgan. Bitiklarning matnlarini ilk bor Ya. G’ulomov 1933 yili fanga ma’lum qilgan. Uning devoridagi yozuvlarini suls xatida bitilgan matnlar, asosan, Qur’oni Karim suralari va oyatlaridan tashkil topgan. Qur’oni karimning “Fotiha”, “Mulk” suralari yozilgan. G’arbiy ravoqning quyi qismi ikkinchi yarmi o’ng tarafida Qur’oni karimdagi “Mulk” surasining 17-30 oyatlari boshlanib, uning chap tarafidagi ravoqda yakunlanadi. G’arbiy ravoqning sarisinchli devoridagi yoysimon ravoq ichida Qur’oni karimning “Fotixa” surasu bitilgan. Uning ustida “Kalimai Taxvid” undan yuqoridagi qatorda esa yirik harflar bilan suls xatida “U Alloh – abdiy”, kufiy yozuvida esa “Mulk_allohniki” so’zlari kitobat qilingan. To’g’ri burchakli xoshiyada Qur’oni karimdagi “Baqara” surasining 255-oyati bitilgan.[4] Tobut kulrang, yaxlit, marmar toshlarning ichi o’yib yasalgan. Hatto qopqog’ida Temur vasiyati yozilgan marmar lavhani qo’yish uchun to’g’ri burchakli joy o’yib hozirlangan. Uning sirtida Rasuli Akramning “ Ey parvardigor! Jannating haq, do’zaximg haq, havzi kavsaring haq, munkar-nakiring haq, so’zing haq, ro’zing haq va bularga shubha yo’qdir” hadisi bitilgan. U nihoyatda mukammalligi, ko’rkam va naqshinkorligi, ayniqsa, yozuvlarga mo’lligi va tagzamindan qariyib bir metr balandligi bilan Samarqanddagi Go’ri Amir yer osti sag’anasidan ajralib turadi. Uncha baland bo’lmagan tosh gumbazning qoq o’rtasida esa sakkiz qirrali nafis ulug’vor gultoj ishlangan. Bir xil balandlikda beshta ravoqli tokchalarning devorlarida esa to’liq tutuashtirilgan suls xatidagi tasmasimon yozuvlar nozik did bilan bitilgan. Ispan elchisi Klavixonning shahodat berishicha, odatda “Amirzoda va buzrukvorlarning” gurxonalari nihoyatda ulug’vor bo’lib, feruza rangli zarxal koshinlar va oltinlar bilan bezatilgan. Amir Temur o’z sag’anasidan ko’ngli to’lmay, uni 1404 yili qaytadan qurdirayotganini elchi o’z ko’zi bilan ko’rgan. Shuning uchun ham Sohibqironning favqulodda o’limi uning bitmay qolishiga sabab bo’lgandir. Аmur Temur jasadi Bibixonimning koʼrsatmasiga binoan Samarqandda dafn etilgan. Ushbu sag’ana me’moriy jihati va ichki bezaklari bo’uicha O’rta Osiyodagi bu tipdagi eng yirik obidalar musulmon sharqidagi hashamdor dahmalar qatoriga kiradi.


